Jizzaxda Qozon federal universiteti filiali ochiladi

Estimated read time 2 min read

Foto: abt.uz

Prezidentning 28-avgustdagi qarori bilan Jizzax shahrida Qozon federal universiteti filiali tashkil etildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qarorga ko‘ra, filialda quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:

  • geologiya;
  • dasturiy injiniring;
  • iqtisodiyot;
  • mashinasozlik;
  • davolash ishi;
  • stomatologiya;
  • farmatsiya;
  • tibbiy biokimyo.

Filial Qozon federal universitetining (Rossiya) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Ta’lim faoliyati 2022/2023-o‘quv yilidan boshlanadi va kunduzgi, sirtqi va boshqa ta’lim shakllarida olib boriladi.

Qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojini hisobga olib, filial tomonidan tasdiqlanadi.

Talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida ta’lim olgan filial bitiruvchilari 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan O‘zbekistonning davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi.

Bitiruvchilarga O‘zbekiston va Rossiyada oliy ma’lumot sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Qarorga ko‘ra, 2021/2022-o‘quv yilidan universitet O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda dasturiy injiniring, farmatsiya va axborot tizimlari va texnologiyalari ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni boshlaydi hamda mazkur yo‘nalishlarda o‘qishga qabul qilingan talabalar kelgusida o‘qishlarini filialda davom ettiradi.

2022-yil yakunigacha filial tarkibida OpenLab ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi.

Manba: daryo.uz

You May Also Like

More From Author