1 iyuldan test rejimida avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan «Shaffof yo’l» platformasi ishga tushiriladi

Estimated read time 2 min read

Foto: uzreport.news

Hukumat qarori bilan 1 iyuldan aholi yo‘llardagi nosozliklar, svetofor va yo‘l belgilari o‘rnatilmagani haqida foto va videomurojaatlarni «Shaffof yo’l» platformasi orqali yuborish mumkin. Ichki yo‘llarni ta’mirlashga oid takliflar ovoz berish yo‘li bilan tanlab olinadi. G‘olib takliflar bo‘yicha yo‘llarni ta’mirlashga har yili mahalliy budjetdan mablag‘ ajratiladi.

Platformaning alohida sahifasiga fuqarolarning yo‘llar nosozligi, shuningdek, yo‘llarda va yo‘l bo‘yida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar haqida foto va videomurojaatlari jamoatchilik fikri asosida joylashtiriladi. Bu svetoforlar va yo‘l belgilar o‘rnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil bo‘ladigan oqibatlar va boshqalar bo‘lishi mumkin.

2023 yildan boshlab va keyinchalik har yili qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, ta’mirlanishi nazarda tutilgan barcha toifadagi yo‘l uchastkalari xaritaga kiritiladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, «Ochiq budjet» axborot portali orqali hududiy ichki yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllangan ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.

Bu bo‘yicha tasdiqlangan nizomga ko‘ra, jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashda takliflarni qabul qilib olish har yili 10 yanvargacha, bildirilgan takliflar orasidan g‘olib takliflarni ovoz berish yo‘li bilan aniqlab olish 31 yanvarga qadar amalga oshiriladi.

«Takliflarni yuborish hamda ovoz berishda voyaga yetgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin. Fuqarolar har yili ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir faqat bitta taklifni kiritishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolar o‘zlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi. Tanlangan ichki yo‘llar axborot portalida avtomatik ravishda taklif sifatida shakllanadi va boshqa fuqarolarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratiladi», — deyiladi xabarda.

Har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar bo‘yicha berilgan eng ko‘p ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.

Tuman (shahar) mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan jami mablag‘larning kamida 50 foizi doirasida g‘olib takliflarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Platforma 2023 yil 1 yanvardan boshlab to‘liq ishga tushadi.

You May Also Like

More From Author