Jizzax viloyatidagi oliygohlar soni 8 taga yetkaziladi

Estimated read time 2 min read

Oliy ta’lim kelgusi besh yilda Jizzax viloyati rivojlanishining asosiy drayverlaridan biriga aylanishi kerak. Bu haqda prezidentlik Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

“Ta’limning poydevori bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimida boshlangan islohotlarimizni davom ettiramiz hamda qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazamiz. Buning uchun 50 ta davlat bog‘chalari quriladi va ta’mirlanadi, 730 ta xususiy va oilaviy bog‘chalar tashkil etiladi. Bog‘chalar uchun oliy ma’lumotli pedagoglarni ko‘paytirish maqsadida, ushbu yo‘nalishdagi qabul kvotalari 2 barobarga oshirilib, oliy ma’lumotli pedagog kadrlar ulushi 50 foizga yetkaziladi. 

Viloyatda ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida, alohida dastur qabul qilamiz. Unda: eng avvalo, rivojlangan mamlakatlardan malakali mutaxassislar olib kelinib, viloyatdagi 22 ming nafar o‘qituvchining malakasi oshiriladi; xorijiy mutaxassislar bilan birga, o‘quvchilarning kun davomida vaqtini mazmunli o‘tkazishni nazarda tutuvchi alohida o‘quv va to‘garaklar dasturi ishlab chiqiladi; 6 mingga yaqin chet tillari va Ay-Ti fanlari o‘qituvchilari xalqaro sertifikat olishlari uchun barcha sharoitlar yaratiladi; qiziqishlari va qobiliyatidan kelib chiqib, maktablardagi o‘quv rejalar o‘quvchilarning tanlovi asosida shakllantiriladi. Ya’ni, o‘quv yuklamasi saqlangan holda, aniq yoki ijtimoiy fanlar o‘quvchining tanlovi asosida o‘rgatiladi. 

Shuningdek, viloyatda 34 ta yangi maktab qurilib, 143 ta maktab rekonstruksiya qilinadi va natijada 55 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlari yaratiladi. Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Forish tumanlari va Jizzax shahridagi yuklamasi yuqori bo‘lgan 25 ta maktab uchun qo‘shimcha o‘quv binolari quriladi.

Oliy ta’lim kelgusi besh yilda Jizzax viloyati rivojlanishining asosiy drayverlaridan biriga aylanishi kerak. Bu borada viloyat yoshlarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 50 foizdan oshiriladi. Buning uchun viloyatdagi oliygohlar soni 8 taga yetkaziladi. Jumladan, Jizzaxda mashinasozlik sanoati rivojlanayotganligini hisobga olib, nufuzli xorijiy hamkorlar bilan kasb maktabini ochamiz. Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash maqsadida, Jizzax politexnika institutida Innovatsion g‘oyalar markazi tashkil etiladi. Shu bilan birga, xorijdan professor-o‘qituvchilarni jalb qilish ko‘lami kengaytiriladi.

Yana bir masala – viloyat sporti haqida gap borganda, avvalo, hammaning ko‘z oldiga “So‘g‘diyona” futbol jamoasi hamda “So‘g‘diyona Vumen” ayollar futbol jamoasi keladi. Viloyatda futbolni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshiramiz. Jumladan, So‘g‘diyona futbol klubi bazasida futbol akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya bilan nufuzli Yevropa futbol jamoalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilib, murabbiy va iste’dodli yosh futbolchilarni u yerda malaka oshirishi yo‘lga qo‘yiladi”, dedi prezident.

You May Also Like

More From Author