«Hammayoqda archa va «gazon» – Toshkentda ekiladigan daraxt turlari qayta ko‘rib chiqiladi

Prezident videoselektorida Toshkent shahrining 60 kilometr kanal bo‘ylari, 250 kilometr piyoda yo‘laklari atrofiga manzarali daraxtlar ekish kerakligi, bunda Toshkent shahrida ekiladigan daraxt va ekinlarni tabiiy iqlimdan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.

«Shaharning hamma joyida ko‘p suv talab qiladigan archa va «gazon» ko‘payib ketdi. Nahotki, o‘zimizning sharoitga mos ko‘chat navlari bilan ta’minlash haqida hech kim bosh qotirmaydi? Bu bizga og‘irlik qilyapti, chunki suv muammosi bor bizda. Misol uchun, gazon o‘rniga yil 12 oy ko‘m-ko‘k turadigan manzarali butalar, kashtan, qayin, zarang (klyon), lola daraxti ekish mumkin-ku?» deydi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan quyidagi vazifalar belgilandi:

  • ikki hafta muddatda ilmiy asoslangan holda poytaxtning qaysi ko‘chasida qanday daraxt va ekinlarni joylashtirish bo‘yicha taqdimot qilish;
  • yil yakuniga qadar Bo‘zsuv suv inshootining bo‘sh turgan 40 gektar maydonida «yashil hudud» tashkil etish;
  • ikki oy muddatda poytaxtga yangi qo‘shilayotgan hududlarning 1,5 ming gektarida daraxtzorlar tashkil etish ishlarini boshlash; 
  • hududlarda yil yakuniga qadar aholi massivlarida 855 gektar maydonga ega «yashil maydon» hamda 585 gektar maydonda jamoat parklarini tashkil etish. Bunda ushbu hududlarni yer va mulk solig‘idan ozod qilish;
  • daraxtlarni bino va inshootlar mulkdorlariga biriktirish va kadastr pasportini taqdim etish tizimini joriy etish.

Respublikadagi istirohat bog‘larining aksariyati qarovsizligi tanqid qilindi.

«Misol uchun, Qarshi shahridagi 27 gektar maydonga ega «Alisher Navoiy» istirohat bog‘ining 11 gektari attraksionlardan tozalanib, «sokin hudud»ga aylantirilgan. Ushbu hududda kitobxonlik, she’riyat, burchaklari, 2 kilometr piyoda va velo yo‘laklar tashkil etilgan.

Lekin respublikadagi 300ga yaqin istirohat bog‘lari turli vazirlik va idoralarga qarashli bo‘lib, ularning aksariyati qarovsiz, desak bu ham haqiqat.

Misol uchun, Andijon shahrida Madaniyat vazirligi va Yoshlar ittifoqiga qarashli 3ta istirohat bog‘i ta’mirtalab ahvolda.

Shu bois, Abduhakimov viloyat hokimlari bilan birga, bir oy muddatda barcha istirohat bog‘lari va hududidagi mavjud daraxtlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin», degan prezident.

Bundan oldinroq prezident har bir shahar va tuman markazida kamida ikkitadan «yashil maydon» va jamoat parklari tashkil etilishini ma’lum qilgani xabar qilingandi. 

You May Also Like

More From Author