Jizzax viloyat avtomobil yo'llari bosh boshqarmasi

1 martdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanadi

Yashil makon

foto: kun.uz

Prezident 1 martdan «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanishini ma’lum qildi. Joriy yil bahor mavsumida «Yashil makon» loyihasi doirasida 125 mln dona daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilmoqda. Aholiga kamida 10 mln dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari bepul tarqatiladi. «Agar O‘zbekistonda ekologiyani yaxshilayman desa, har yili har bir xonadon ikkitadan daraxt eksin. Har bir tashkilot beshtadan daraxt eksin, qaysi tashkilot bo‘lishidan qat’i nazar», — dedi prezident.

2 fevral kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

2021 yil noyabrda «Yashil makon» umummilliy loyihasi e’lon qilinib, 200 mln tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan edi. Kuzda 85 mln dona ko‘chat o‘tqazildi. Ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu yil bahor mavsumida 125 mln dona daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda.

«„Yashil makon“ umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada ko‘rinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ekologik muhitni yaxshilashni xohlagan har bir xonadon va tashkilotlarni har yili daraxt ekishga chaqirdi.

«Agar O‘zbekistonda ekologiyani yaxshilayman desa, har yili har bir xonadan ikkitadan daraxt eksin. Har bir tashkilot beshtadan daraxt eksin, qaysi tashkilot bo‘lishidan qat’i nazar. Oliygohmi, maktabmi, tibbiyotmi, katta-katta korxonalarmi. Mana shuni O‘zbekiston tajribasi qilsak, bahor boshlangancha. Xalqimiz qo‘llab-quvvatlaydi, albatta. Mana shuni qilsak, duoga qolamiz», — dedi davlat rahbari.

«Hammaning ham qo‘lidan iqtisod kelmaydi, hammaniyam qo‘lidan investitsiya olib kelish kelmaydi. Lekin ekologik vaziyatga, o‘zimizning tumanimiz, o‘zimizning mahallamizga e’tibor bersak bo‘ladi-ku. Oldin ko‘chatimiz ham yo‘q edi, hozir ko‘chatimiz ham bor», — deya davom ettirdi u.

Prezident, shuningdek, daraxtlarni parvarishlash, sug‘orish va zararkunandalardan himoya qilish tizimlarini ishlab chiqish hokimlarning vazifasi ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishda 1 martdan «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilindi. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 10 mln dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llar chetida jami 1,5 mln tup daraxtdan iborat ixota daraxtzorlar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.